Ba'zan men tunlari ishlagan kezda,
O'y surib ketaman unutib she'rim,
Ba'zi savollarni so'rayman sizdan,
Taxminan bo'lsa ham hisoblab bering.
Deylik, bir but dilga sachrab ketdi qon,
Bir ko'ngil o'tlarda qovrilar, tutar.
Ayting, malham qayda, kelar u qachon,
Bir ko'ngil yarasi qanchada bitar.
Menga mana shuning hisobi kerak,
Tag'in izi qolmay bitarmi yurak?

Diqqat qiling: kuzgi xazon dilxasta,
Har lahza sezilmay sarg'ayib borar.
Daraxt to'kiladi asta va asta,
Birdan to'kilsa-chi, yurakni yorar.
Daraxt qancha vaqtda sarg'aydi, yondi,
Qayg'u qancha vaqtda to'kar insonni?
Ishqli ko'ngillar-ku pardan yengilday,
Ishqsiz qalbga qancha tosh to'ldi, ayting.
Lahza...ishq tug'ildi qancha ko'ngilda,
Lahza...qancha dilda ishq o'ldi, ayting.

Hisobin chiqarib bering-chi, qani,
O'lgani ortiqmi yo tug'ilgani?!
Nomard g'olib kelsa mard diltangu zor,
Bosh egib turganda qancha kuch sarflar.
"Ayriliq" so'zini qanchadan yozar,
Mayishib, chaplashib ketmasdan harflar.
Ayting, yana necha asr solib iz,
Bu do'zaxiy so'zdan kuyar tilimiz?!

Siz, ey, bu dunyoning hisobdonlari,
Taxminan bo'lsa ham qilingiz hisob:
Qanchalik umri bor sun'iy shonlarning;
Sun'iy ko'rk qanchada bo'lgusi xarob;
Qancha davolangach past tushib har kas,
O'zin allomai zamon sanamas.

Usiz ham cho't tashlab ishchan, goh karaxt,
Tinmaysiz millionni millionga urib.
Bir lahza shularga ajrating Siz vaqt-
Shularning hisobin qiling o'y surib.
Topolsak shularga ketar vaqtni biz,
Chuqurroq tuyardik balki baxtni biz.

Men ba'zan tunlari ishlagan kezda
O'y surib ketaman, unutib she'rni...








